Al Hakim at-Termiziy

AL HAKIM AT TERMIZIY ZIYORATGOHI

Shayx Abdulfattoh Barakaning yozishicha Al Hakim at-Termiziy o’zidan keyin 400 dan ortiq qimmatli asar qoldirgan. Ulardan 57 tasi bizgacha yetib kelgan.

Surxon zamini insoniyatning ilk beshigi, dunyo sivilizatsiyasining dastlabki bosqich makoni sifatida jahon uzra tan olingan voha hisoblanadi.Negaki, ilk inson ham shu yerdagi g’orlarda istiqomat qilgan. Shaharsozlikning, qurilish hamda arxitekturaning me’moriy obidalarning eng yorqin va dastlabki namunalari ham aynan mana shu zaminda bunyod etilgan.

Bugun biz nafaqat mamlakatimiz tarixida balki, jahon madaniyati taraqqiyotidan darak beruvchi o’nlab tarixiy me’moriy obidalar orqali haqiqatan ham bu zamin yuksak madaniyat va ilm fan beshigi bo’lganligini anglab yetamiz. SHubhasiz, bu borada Surxon vohasining durdonasi deya haqli ravishda ta’riflanuvchi al Hakim at Termiziy maqbarasi, oddiy xalq tili bilan aytganda “Termiz ota” ziyoratgohi ana shunday xulosaga kelishga asos bo’ladi.

Al Hakim at Termiziy maqbarasi ko’hna Termiz qal’asining shimoliy-g’arbiy burchagida joylashgan bo’lib, IX asrning buyuk allomalaridan biri “Hakimiya” maktabining asoschisi Abu Abdulloh Muhammad ibn Husayin ibn Bashir al Hakim at-Termiziy qabri ustida bunyod etilgan. Ushbu maqbara dastlab XI asr oxiridan boshlab shakllandi. 1091-1095 yillarda Movorounnahrdagi Qoraxoniylar sulolasi vakili Ahmad ibn Xizr ko’rsatmasiga muvofiq shayx qabri ustida maqbara bunyod etiladi.

Maqbaradagi o’yma naqsh uslubi o’sha davr me’morchiligidan dalolat berib turibdi. XIV asrga, ya’ni Amir Temur davriga kelib maqbaraning janubiy tomonidan chillaxona quriladi. Sharq tomonidagi yirik xonaqoh esa XV asrda ya’ni Halil Sulton davrida barpo etiladi. Maqbara devorining asosidan boshlab to gumbazining yuza qismigacha juda murakkab o’yma ganjli naqshlar bilan bezatilgan.

Aynan ana shu naqshinkorlik maqbarada noyob, bir vaqtning o’zida murakkab me’moriy san’at namunasi muhrlanganini ko’rsatib turibdi. Undagi murakkab islimiy va girix uslubida bitilgan naqshlar kufiy yozuvlari bilan jonli tarzda chatishib ketgan. Hakim Termiziy qabri ustidagi hozirgi qabr tosh XV asrda qo’yilgan. Ushbu qabr tosh juda noyob hisoblanadi.

Al Hakim at Termiziy hayoti haqidagi asosiy ma’lumotni allomaning qabri ustiga qo’yilgan marmar toshda bitilgan yozuvlardan olish mumkin. Unda uning vafot etgan sanasi hijriy 255 yil melodiy 869 yil deb ko’rsatilgan. E’tibor qiladigan bo’lsak, ushbu qabrtoshning ustki qismida suls uslubidagi bo’rtma yozuvlar bitilgan. Mazkur qabr tosh o’zining ishlanishi naqshinkorligi bilan O’rta Osiyoda yagona hisoblanadi.

Rivoyat qilishlaricha, Hakim Termiziy ikki do’sti bilan o’qish maqsadida safarga otlangan mahalda, ul zotning onalari shunday degan ekan: “-Ey jonim o’g’lim, men bir kimsasiz notavonu zaifman, suyanchig’im o’zingsan, meni kimga tashlab ketmoqchisan?” Onaning bu so’zlaridan o’g’lining qalbiga titroq tushadi va safarni tark etadi. Kunlarning birida Al Hakim qabristonda o’tirib, zor-zor yig’lab, shunday deydi: “Men bu yerda zoye qoldim. Erta-indin do’stlarim olim bo’lib qaytishadi”.

Shu zamon bir nuroniy chol go’shadan kirib, Hakim Termiziy yig’isining boisini so’raydi. Shunda ul zot bo’lgan voqeaning boisini cholga bayon etadi. Chol dedi: “Agar sen xohlasang, men har kuni senga saboq beraman va tezda olimlikda do’stlaringdan o’zib ketasan”. Nuroniy shu tariqa Al-Hakimga uch yil ta’lim beradi. Ul zot Xizr alayhissalom ekanliklari haqida ham rivoyatlar bor.

Hakim Termiziy aytar ekanlarki: “Men bu davlatga onam rizoliklarini qozonganligim tufayli erishdim”. Shayx Abdulfattoh Barakaning yozishicha Al Hakim at-Termiziy o’zidan keyin 400 dan ortiq qimmatli asar qoldirgan. Ulardan 57 tasi bizgacha yetib kelgan. Hakim Termiziyning 291 hadisdan iborat mashhur asari “Navodir al-usul” bo’lib, qo’lyozma holida Toshkentda, qolgan qo’lyozma asarlari esa dunyoning turli mamlakatlarida saqlanmoqda.

Masalan, Parijda 12 ta qo’lyozma asari bo’lsa, Qohira, Damashq, Iskandariya, Istambul va Londonda 1 nusxadan ana shunday noyob asarlari saqlanib kelinmoqda. So’ngi asrlar silsilasida maqbaraning yemirilib tushgan qismlari qaytadan ta’mirlandi va ziyoratgohga aylantirildi. Bu ishlar bugungi kunda ham davom ettirilmoqda. Arxeolog olimlar tadqiqot ishlarini davom ettirib ushbu tarixiy me’moriy obidani yana asrlar osha yashab, insoniyat tafakkurining go’zal namunalaridan biri sifatida kelgusi avlodlar uchun ham saqlab qolish choralarini ko’rmoqdalar.

Olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va qarashmalar bu muqaddas qadamjo bilan bog’liq yangi-yangi sahifalarni ochmoqda. Maqbara Mozori Sharif, Payg’ambar oroli, Kalif manzaralari yaqqol ko’rinadigan, Jayhun daryosining ovozi eshitilib turadigan joyda barpo etilgan. Bu maqbarani turli davrlar san’ati guldastasi desa ham bo’ladi. Chunki unda bir necha asr me’morchilik an’analari mujassamlashgan.

Ha, necha asrlardan buyon insonlarni ezgulikka, ziyo va sahovatga, iymonli e’tiqodli bo’lishga undab kelayotgan “Termiz ota” maqbara ziyoratgohi bugungi va kelajak avlodga uzoq moziydan sado berib turibdi.

Inobat Karimova

Pedagogika fakulteti 1-bosqich talabasi