Non qadri

Non eng ulug’, eng aziz nemat. Biroq,  shunday tengi yo’q rizq -nasibani qadrlamaydigan insonlar ham oramizda uchrab turadi.

         Bazan ko’cha-ko’yda, oshxona, mehmondorchilikda ayrim odamlar  ko’ra bila turib isrofgarchilikka yo’l qo’yishadi.  Oldiga qo’yilgan taomni, nonni oxirigacha yemay, go’yoki o’larini madaniyatli qilib ko’rsatishadi. Qolgan non, taomni undan keyin hech kim yemaydi. Ko’pincha otaxon va onaxonlarimiz  oshxona yoki choyxonalarda ovqatlanib bo’lishgandan so’ng qolgan non burdalarini o’zlari bilan olib ketishadi.

         Ammo bu bag’oyat savob ishni tushunmasdan, o’sha otaxon-u onaxonlarimizni masxara qilib, ularning ustidan kulib, “xasis” deyuvchi yoshlar ham kam emas. yerda tushib yotgan non va non ushoqlarini ko’rgan keksalar darhol yerdan olib, ko’zlariga surtib, ehtiyot qilib  chekkaga olib qo’yadilar. Chunki, ular shu non ushog’ida inson mehnatining  qadr-qimmati, peshona teri-yu, yil bo’yi davom etuvchi zahmatlari borligini yaxshi biladilar.

         Xalqimiz nonni eng ko’p istemol qiladigan xalqlardan biri hisoblanadi. Nonni eng ko’p istemol qilish bilan birga afsuski ko’p isrof ham qilamiz. To’y-tomosha, maraka-marosimlarimiz nonsiz o’tmaydi. Biror mehmon kelib qolsa, dasturxon to’la non bo’lsa ham mehmon uchun albatta, yangi non olib kelishadi.

To’kis dasturxonimizga biron noz-nemat qo’shilmay qolishi mumkin, ammo non qo’yilmasdan dasturxon tuzalmaydi. Non qo’limizdan tushib ketsa, darxol uni yerdan olib ko’zimizga surtamiz, boshqa biror-bir taomni nondek aziz ko’rmaymiz. Chunki, non dasturxonimizdagi noz-nematlar sardoridir.

Oilada yangi chaqaloq tug’ilsa, uning yostig’ining tagiga “nondek aziz bo’lsin” deb, kulcha qo’yadilar. Armiyaga jo’nab ketayotgan o’g’lonlarga, uzoq safarga ketayotgan kishilarga non tishlatadilar. Bu “oy borib, omon kelsin”, degan yaxshi niyat ramzi hisoblanadi. Shu sababli ham nonni ezozlashgina emas doimo tejab-tergashimiz, isrofgarchilikka yo’l qo’ymasligimiz lozim. Non har narsadan azizdir. Uni isrof qilish esa katta gunohlardan biridir.

Termiz davlat universiteti

Pedagogika fakulteti 1-bosqich

Talabasi Inobat Karimova